Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Termiz tumani hokimligi
TERMIZ TUMAN AHOLISIGA MUROJAAT

Termiz tumani hokimi Shuxratjon Bekmaxmatovich Urinovning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan mamlakatimizni yanada yashil olamga aylantirish, iqlimni mo‘tadillashtirib, fuqarolar salomatligini tabiatning musaffo in’omlari bilan asrab-avaylashga qaratilgan - “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida e’lon qilingan “Dolzarb 40 kunlik”da har bir vatandoshimizning mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish, parvarishlashda faol ishtirok etishlariga qaratilgan
TERMIZ TUMAN AHOLISIGA MUROJAATI

 

Assalomu alaykum!

Hurmatli vohadoshlar hamda tumanimiz ahli!

Avvalo, atrof-muhit, tabiat musaffo, ko‘cha va hiyobonlarimiz yashil makonga aylansagina, inson tetik va sog‘lom, kundalik yumushi va faoliyatida fayzu-baraka bo‘ladi.

Sayyoramizda ekologik vaziyatning buzilishiga, mamlakat fuqarolarining salomatligini, har bir xonadonlarimizning ko‘rkamligini oshirishga befarq bo‘lmagan Muhtaram Prezidentimiz joriy yil 2-noyabr kuni aholini uy-joy bilan ta’minlash hamda yashil maydonlarni kengaytirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishlarida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha dolzarb vazifalarni belgilab berdilar.

Ushbu loyiha ijrosini ta’minlash barobarida 2-noyabrdan 10-dekabrga qadar mamlakatimiz bo‘ylab daraxt ekish, yurtimizni bog‘-rog‘ga aylantirish bo‘yicha “Dolzarb 40 kunlik” e’lon qilinib, ushbu loyiha doirasida yiliga bir milliondan ortiq daraxt va buta ko‘chatlarini ekishni oldimizga maqsad qilib oldik.

Ayni kunlarda “Yashil makon” umummilliy loyihasini tadbiq etish maqsadida tumanimizda ham samarali ishlar olib borilmoqda. Jumladan, joriy yilning kuz va 2022-yilning bahor mavsumlarida ko‘kalamzorlashtirish, mevali daraxt va buta ko‘chatlarini ekish ishlarini tizimli, uyushqoqlik bilan tashkil qilish bo‘yicha reja-tadbirlarni belgilab oldik.

Joriy yilning noyabr-dekabr oylarida 403,0 ming tup, 2022-yil bahor mavsumida 663,0 ming tup, jami loyiha doirasida 1 million 66 ming tup ko‘chat ekishni rejalashtirganmiz. Bugungi kungacha “Dolzarb 40 kunlik”da 302 mingdan ortiq ko‘chatlar ekildi. Shundan umumfoydalanishdagi avtomobil yo‘llari yoqasiga 3 ming tup, qishloq xo‘jaligi yerlarida ihota daraxtzorlar barpo etiladigan yerlarda 94 ming tup, ta’lim, sog‘liqni saqlash muassasalari, mahallalar, korxona va tashkilotlar hovlilariga va ichki yo‘llar yoqalariga 200 ming tup, tuman obodonlashtirish boshqarmasi tasarrufidagi hududlarga 5 ming tup turli daraxt va buta ko‘chatlari ekildi.

Tuman markazida ekilgan daraxt ko‘chatlarini sug‘orish uchun tizimli ravishda sug‘orish tizimlarini tortish ishlari amalga oshirildi. Bunda tuman markaziga ekilgan daraxt ko‘chatlarini sug‘orish tizimlari bilan ta’minlanishiga erishildi. Boshqa hududlardagi ko‘chatlarni sug‘orish maqsadida suv resurslaridan oqilona foydalangan holda suvni rejali tartibda taqsimlash belgilandi.

Ishni sifatli va samarali olib borish maqsadida mutaxassislarni jalb qilgan holda ko‘chat hamda qalamchalarni yetkazib berish, ekish ishlarini muvofiqlashtiruvchi tuman ishchi guruhi tashkil etildi. Ishchi guruhi bevosita ko‘chatlarni ekish va yil davomida to‘liq unib chiqishi va parvarish qilishni nazorat qilib boradi. Sug‘orish ishlari yuzasidan muammolarni bartaraf etish choralarini ko‘radi. Payhon qilinishidan asrashda tashabbus ko‘rsatadi, mas’ullarni hamda aholini daxldorlik tushunchasini oshiradi.

Ayni kunda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha tuman inspeksiyasi, tegishli korxona va tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkilot, korxona va muassasalar, mahallalar, qishloqlar, aholi yashash manzillari, hovlilari atrofi, hiyobonlar, ziyoratgohlar va qabristonlarga, shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlarida, hamda o‘rmon fondi yerlarida manzarali daraxtlar va buta ko‘chatlarini ekish tadbirlari jadal davom ettirilmoqda.

Muhtaram Prezidentimizning bu tashabbuslari farzandlarimiz va keng jamoatchilikning atrof muhitga bo‘lgan mehr-muhabbatini yanada oshirishiga ishonaman.

Muhtaram nuroniylar, otaxon va onaxonlar!

Sizlar ko‘pni ko‘rgan, boy hayotiy tajribaga ega bo‘lgan piru badavlatlarimizsiz. Hamma vaqt xayrli va savobli ishlarda o‘z o‘gitingiz va maslahatlaringiz bilan elimizga, xususan, yoshlarimizga ham ibrat, ham bosh-qosh bo‘lib kelgansiz. O‘ylaymizki, bu fayzli tadbirda ham shaxsiy namunangizni, tajriba va mahoratingizni darig‘ tutmaysiz.

Qadrli yoshlar, qalbi olov yigit-qizlar!

Sizlar Termiz tumani istiqbolining egalarisiz. Prezidentimiz tashabbuslari qanoti ostida zo‘r g‘ayrat-shijoat bilan jo‘shqin mehnat qilsangiz, kelajakda o‘zingiz orzu qilgandek, jahonda nomdor, taraqqiy etgan Yangi O‘zbekistonni barpo etishga katta hissa qo‘shgan bo‘lasiz. Eng muhimi, Siz xalqimiz ishongan katta kuchsiz. Shunday ekan, jonajon Vatanimizni yashil makonga aylantirish ko‘p jihatdan Sizga, sizning mas’uliyatingizga bog‘liq ekanligini unutmang!

Hurmatli mahalla, korxona, tashkilot va muassasalar, hududlar va fermer xo‘jaliklari rahbarlari, tadbirkorlar, bog‘bon-u sohibkorlar!

Xalqimizda “Yaxshidan bog‘ qoladi...”, “Birni kessang, o‘nni ek” degan naqllar bor. Bu hikmatlar zamirida katta ma’no va mohiyat mujassam ekanligini yaxshi bilasiz. Chunki o‘z hududingizda mavjud dov-daraxtlarga ishlov berish, xatosini to‘ldirish, manzarali va mevali daraxt hamda buta ko‘chatlari ekib, yangi yashil qatorlarni shakllantirish asosan sizning salohiyatingiz, tashkilotchiligingiz bilan amalga oshiriladi.

Shuning uchun butun aholini, xususan, mehnat jamoalarini umumxalq hashariga jalb etgan holda ko‘kalamzorlashtirish ishlarining maromida, sifatli amalga oshirilishiga bosh-qosh bo‘lish zimmangizdagi asosiy vazifadir.

Aziz yurtdoshlar, tumanimizning tanti va mehnatkash aholisi!

Mamlakatimiz aholisi hamda tashabbuskor yoshlar qalbida tabiatni asrab-avaylashga, mehnatga bo‘lgan muhabbatni yanada oshirgan ushbu “Yashil makon” umummilliy loyihasi butun dunyo xalqlarini sergaklikka chorlashi, dunyoda ekologik vaziyatni barqarorlashtirish, insonlar salomatligini muhofaza qilish eng dolzarb va ahamiyatli vazifalarimizdan biridir.

Ona vatanimiz esa mana shunday go‘zal yashil makonlari, viqorli tog‘lari, tabiati, shirindan-shakar mevalari, go‘zal bog‘lari, haroratli quyoshli tafti, mehnatkash, bag‘ri keng, saxiylikda tengi yo‘q xalqi bilan dunyo xalqlari e’tirofida ekanligi bilan haqli ravishda faxrlanamiz.

Zero shunday ekan, uy-joylarimizni, ko‘cha va hiyobonlarimizni yanada obod, ko‘rkam qilish, ekologiyani asrab avaylashga qaratilgan, umummilliy loyiha doirasida xalqimizni birlashtirgan muhim “Dolzarb 40 kun”likda Termiz tumani aholisini o‘zining yashash joyidagi hududlarni yashil olamga aylanishiga o‘z hissalarini qo‘shishga chorlayman!

Vatanimiz tinch, osmonimiz musaffo, tabiatimiz esa doimo yashilikka burkansin azizlar.

Izoh qoldirish

Sayt haqida firingiz?

  • Hozir saytda
  • 3 ta foydalanuvchi hozir saytda
  • Valyuta kurs