Yana UzIMEI mashmashasi: O‘zbekistonda telefonlar narxi oshadimi?
2024 yil oktyabrdan boshlab O‘zbekistonga kirib kelayotgan jismoniy shaxslar o‘zi bilan telefon olib kirayotgan bo‘lsa deklaratsiya to‘ldirishi kerak. Aks holda IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazishda boj to‘lashga to‘g‘ri keladi.
16 yanvar kuni Kurbanoff.net kanali muallifi yangi telefon IMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazishda avvalgidek xorijga borishning o‘zi yetarli emasligi, endi mobil qurilmani O‘zbekistonga olib kirayotganda deklaratsiya to‘ldirish kerakligi haqida yozdi. Shundan so‘ng Telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish markazi DUK va Bojxona qo‘mitasi holatga izoh berdi.
Ma’lum qilinishicha, bu tartib bir necha oy oldin ishga tushgan.
Endilikda O‘zbekistonga yangi mobil qurilmani olib kirishda bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish kerak. Aks holda UzIMEI tizimida qurilmani ro‘yxatdan o‘tkazishda boj to‘lashga to‘g‘ri keladi. Yangi talab qonunchilikka 2024 yil boshida kiritilgan bo‘lib, Bojxona qo‘mitasi va UzIMEI tizimi o‘rtasidagi integratsiya 2024 yilning oktyabrida yakunlangan.
Soddaroq qilib tushuntiramiz.
Masalan, sizda qaysidir rusumdagi (Samsung, Xiaomi yoki iPhone), xorijda ishlab chiqarilgan mobil telefon bor va uni UzIMEIʼdan ro‘yxatdan o‘tkazmoqchisiz. Ro‘yxatdan o‘tkazish uchun uzimei.uz saytida qurilmaning IMEIʼsini yozsangiz, tizim uni bojxona bazasidan qidiradi. Agar ma’lumot bo‘lmasa, mobil qurilma bojxona qiymatining 30 foizi miqdorida boj to‘lash kerak. Chunki bu telefonlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilmagan, shu sabab chet eldan olib kirilgan hisoblanadi.
2023 yilda yumshatilgan qonunchilik bo‘yicha jismoniy shaxslar 2024 yil 28 yanvardan boshlab har safar chegaradan kirib kelishda ikkitadan mobil qurilmani olib kirishi mumkin. Aeroport orqali olib kirilganda bir yoki ikkita telefonning umumiy miqdori 2000 dollardan, poyezd orqali kirib kelishda 1000 dollardan, avtomobil yoki piyoda kirib kelishda 300 dollardan oshmasligi kerak. Agar aeroport orqali kirganda summa shartli ravishda 2300 dollarni tashkil etsa, ikki mingdan oshgan qismiga, ya’ni 300 dollarga 30 foiz boj to‘lanadi. Xalqaro kurerlik jo‘natmalari orqali esa har bir jismoniy shaxs uchun xorijdan tovarlarni bojsiz olib kirish chegarasi – bir kalendar chorak uchun 1000 dollarni tashkil etadi.
Shu tariqa, yangi mobil qurilmalarni olib kirganda majburiy deklaratsiya qilish lozim. Deklaratsiya qilish, ya’ni yangi telefon olib kirayotganingizni bildirib qo‘yish uni soliqlardan ozod qiladi (2 tagacha bo‘lsa). Agar bitta yangi telefon olib kirsangiz ham, lekin uni deklaratsiya qilmasangiz, UzIMEI’dan o‘tkazishda sizdan qurilma bojxona qiymatining 30 foizi miqdorida boj to‘lash so‘raladi.
Chegaradan o‘tishda mobil telefonlar va smartfonlar, planshetlar va SIM-modulli portativ qurilmalar deklaratsiya qilinadi. Modemlar, kompyuterlar, aloqa modullari, terminallar, transport vositalari va SIM moduli bo‘lgan boshqa qurilmalar esa deklaratsiya qilinmaydi.
Shu sababli rasmiylar, xususan Telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish markazi DUK yangi qurilmalarni tekshirishni so‘ramoqda.
“Bozorlarda, chakana savdo do‘konlarida yoki onlayn-do‘konlarda mobil qurilmalarni sotib olayotganda, www.uzimei.uz sayti orqali tekshirishni unutmang. Agar telefon ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsa, bojxona to‘lovlarini to‘lash mustaqil ravishda amalga oshirilishi kerak”, – deyiladi xabarda.
Narxlar oshishi mumkin. Muammo nimada?
Yuqorida aytganimizdek, agar fuqarolar chet eldan o‘zlari biror yangi qurilma olib kirsa, uni deklaratsiya qilish bilan muammo “hal bo‘ladi”. Yangi qurilmani UzIMEI tizimidan o‘tkazish uchun to‘lanadigan summa BHMning 20 foizini (hozir 75 ming so‘m) tashkil qiladi.
Lekin hamma o‘zbekistonliklar ham chet elga borib yangi qurilma olib kirolmaydi. Deyarli hamma telefonni u yoki bu do‘kondan, onlayn platformadan, “Malika” yoki Abu-Saxiy kabi bozorlardan sotib oladi. Agar yuqorida aytilgan tartib amalda ishlasa, bu yangi qurilmalarning narxiga 2 xil yo‘l bilan ta’sir qilishi mumkin.
Birinchidan, yangi telefon sotib olgan iste’molchilar, agar qurilma IMEI ro‘yxatidan o‘tmagan bo‘lsa va sotuvchilar va’da qilganidek xarid amalga oshirilganidan keyin 1 hafta yoki 1 oy ichida ro‘yxatdan o‘tish ularning ishtirokisiz amalga oshmasa, u holda IMEI'dan ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 30 foizlik bojxona to‘lovini xaridor o‘zi to‘lashi mumkin. Bu – yangi iPhone 16 Pro Max misolida 1200 dollar + 30% = 1560 dollarga aylanadi. Qo‘shimchasiga 75 ming so‘m – IMEI to‘lovi. Bitta kodni elektron ro‘yxatga kiritib qo‘yish uchun nega bunchalik qimmat narx belgilangani – bu alohida masala.
Ikkinchidan, agar fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlaridan noqonuniy foydalanish holatlariga yo‘l qo‘yilmasa, tadbirkorlar yangi qurilmalarni olib kirishda to‘liq boj va soliqlarni to‘lab, qurilmani rasman IMEIʼdan o‘tkazishi kerak bo‘ladi. Bu ham yangi telefonlar narxiga ta’sir qilishi mumkin. Misol uchun, 1200 dollarlik iPhone 16 Pro Max'ga 10 foizlik boj, 12 foizlik QQS va 75 ming so‘m IMEI to‘lovi qo‘shiladi. Qurilma taqriban 1500 dollarga aylanadi. Bunda hali tadbirkor o‘ziga qo‘shadigan foyda hisobga olinmagan.
Aslida UzIMEI tizimida 2023 yil oktyabr oyidan telefonlarni ro‘yxatga olishda masofadan turib (onlayn) shaxsni biometrik identifikatsiya (Face-ID) qilish joriy etilgan edi. Bundan maqsad fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlaridan o‘zgalar foydalanishining oldini olish ekani aytilgan.
Shunga qaramay, yirik bozorlarda sotib olgan yangi qurilmalarni sotuvchilar qandaydir yo‘llar bilan IMEI'dan o‘tkazib bermoqda. Savol tug‘iladi: O‘zbekiston bo‘ylab yuzlab sotuvchilar, minglab telefonlarni sotishi hisobga olinsa, shuncha Face-ID jonli yuzlarni qayerdan olishgan? Yoki oktyabr oyida joriy qilingan majburiy deklaratsiyalash tizimisiz, qanday qilib bozorda sotilayotgan yangi qurilmalar bir haftada UzIMEI'dan o‘tkazib berilyapti? Yoki ularning qurilmalarini yoppasiga UzIMEI'dan o‘tkazib beradiganlar bormi?
Albatta, hozircha javobi yo‘q, haqli savollar. Agar uddaburonlar shu holatda ham boj to‘lamaslik uchun kimlarningdir shaxsiy ma’lumotlariga asoslanib, sotilgan telefon uchun UzIMEI qilib berayotgan ekan, tizim shunchaki byurokratiya bo‘lib qolaveradi.
Jamoatchilik hali majburiy Face-ID joriy qilinishidan oldin bazadagi 40 ming fuqaroning shaxsiy ma’lumotlarini pullagan IIB xodimlari, karantin zonalaridagi qonunbuzarliklarni unutgani yo‘q.
Bundan tashqari, UzIMEI tizimiga tushayotgan milliardlar taqdiri ham 2022 yildan buyon umuman ochiqlanmayotgani savollarni ko‘paytirmoqda.
Farrux Absattarov