Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Termiz tumani hokimligi
Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga murojaat

Hurmatli va aziz fermerlar, dehqonlar hamda tomorqa yer egalari!

Keyingi yillarda mamlakatimizda ko‘kalamzorlashtirish, o‘simliklarni muhofaza qilish hamda yashil maydonlarni kengaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugun mamlakatimiz miqyosida muhtaram Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bizni Yangi O‘zbekistonni barpo etish va Inson qadrini ulug‘lash g‘oyalari atrofida birlashtirdi.

Ko‘chat ekish, gulu-nihollarni ko‘paytirish bu musaffolik, ekologik muhit sofligi hamda ona tabiatga g‘amxo‘rlik va insoniylikning yuksak namunasidir !

Eng muhimi, shu toza havodan o‘zingiz, oila a’zolaringiz, boringki kelajakda nevara-evaralaringiz nafas oladi. Yoniga farzandi, nevaralarini olib ko‘chat ekkan hamyurtimiz ularga ibrat bo‘ladi, bu qadriyatning davomli bo‘lishini ta’minlaydi.

Agar “ekologik muhit ifloslandi” yoki “buzildi” deb qo‘l qovushtirib turaversak, keyingi 5-10 yillikda ahvol qanday bo‘ladi? Bir o‘ylab ko‘ring.

Hurmatli Surxondaryoliklar!

Hadisi shariflarda ham bizga ato etgan ne’matlarni, ona tabiatni asrab-avaylash, ko‘chat ekish, bog‘ yaratish, iymonning yarmi ekani, ekilgan har bir daraxtning mevasidan yoki soyasidan boshqalar bahramand bo‘lsa, uni ekkan kishiga savob yozilishi haqida aytiladi.

Shunday ekan, daraxtni kesish, borni yo‘q qilish bilan emas, yaratish, ekish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari bilan shug‘ullanish ulkan savob, kelajak avlod uchun yuksak xazinadir!

So‘nggi yillarda mamlakatimizda ko‘kalamzorlashtirish, o‘simliklarni muhofaza qilish hamda yashil maydonlarni kengaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ko‘chat ekib, bog‘ yaratish – xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biri. Zero, o‘zimiz yashab turgan joyni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tufayli ko‘nglimiz shodlikka to‘ladi, turmushimiz fayzli va farovon bo‘ladi.

Demak, xalqimizning ibratli o‘tishi o‘zimiz yashayotgan muhitda tabiatga oqilona munosabatda bo‘lib, uni asrab avaylash, kelgusi avlodlar ham yashashi uchun qulay makon barpo etishga undaydi.

Muhtaram Prezidentimizning joriy yilning 29 mart kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish borasida bergan ko‘rsatmalari ana shunday ezgulik yo‘lidagi juda ham muhim tashabbusdir.

Prezidentimiz raisligida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha 2024 yil bahor mavsumidagi ustuvor vazifalar yuzasidan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda bu boradagi ishlarni kengaytirib, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy yil bahor mavsumida viloyatimiz bo‘yicha 10 million dona daraxt ekish vazifasi belgilab berildi.

Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek “Yashil makon” vijdonimiz, bo‘lajak hayotimiz, farzandlarimiz oldidagi ma’suliyatimizdir.

Qayd etish kerakki, o‘tgan yili kuz va joriy yilning bahor oylarida mahallalarda, fermer va dehqonlarimiz dalalari chetlariga va aholi tomorqalarida 12 milliondan ziyod ko‘chat ekildi. Albatta, bu savobli ishlarda ko‘plab tashkilotlar, mahallalar, umuman, keng jamoatchilik qatori Siz mehnatkash dehqon va fermerlarimizning ham munosib ulushi bor.

Hozirgacha viloyat bo‘yicha 6 mln tupdan ziyod manzarali, mevali daraxt, butalar ko‘chatlari hamda qalamchalari ekildi.

Daraxt ekkanimiz bilan u o‘z-o‘zidan ko‘karib qolmaydi. Aslida ekishdan ham ko‘ra uni ko‘kartirish bizdan alohida g‘amxo‘rlikni talab qiladi. Ko‘chatlarning to‘liq ko‘karishini ta’minlash uchun tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilinadi.

Hurmatli fermer xo‘jaligi rahbarlari!

Joriy yil bahor mavsumida Siz ham dalangiz chetidagi bo‘sh yerlarga terak, tut, tok va boshqa daraxt ko‘chatlari ekib “Yashil makon” umummilliy loyihasiga o‘z hissangizni qo‘shing.

Buning uchun viloyatimizdagi ko‘chat yetishtiruvchi fermer, dehqon xo‘jaliklarida, tomorqa yer egalarida va tadbirkorlarda terak, tut, tok, tol, yong‘oq va boshqa daraxt nihollari mavjud.

Siz ular bilan hamkorlik qilsangiz, yurtimiz yashillik olamiga o‘zingizning munosib hissangizni qo‘shgan bo‘lasiz.

Xususan, har biringiz o‘z dalangizda har yili 10 ming donadan terak qalamchalarini ekib qo‘ysangiz, kelgusi mavsumda Sizga tayyor ko‘chat bo‘ladi.

Muhtaram dehqon va tomorqa egalari!

Muhtaram Prezidentimizning alohida qarorlari bilan joriy yildan boshlab paxta-g‘alladan bo‘shagan maydonlardan dehqon xo‘jaliklari uchun yer ajratilib, Sizlar shu yildan boshlab bu yerlardan daromad olishni boshladingiz.

 Sizlar har bir qarich yerdan unumli foydalangan holda “Bir kontur-bir mahsulot” tamoyilini amalga oshirish doirasida dala chetiga va ko‘cha boshiga  terak, tut, tok va boshqa ko‘chatlarini ekishni tashkil etishga chaqiramiz.

Viloyatimizdagi 724 mahalla fuqaro yig‘inlarida
483 mingga yaqin tomorqa yer egalari faoliyat yuritadi. Agar har bir tomorqachi o‘z tomorqasiga, mahalla guzariga va ko‘cha boshiga 10 tupdan ko‘chat eksa, viloyat bo‘yicha 4,8 million tupdan ziyod ko‘chat ekiladi. Bunday saxovatpeshalik bilan qilingan ishlaringiz tahsinga sazovor bo‘ladi!

Sizlarga terak, tut, tok va boshqa ko‘chatlar kerak bo‘lsa joylardagi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlariga murojaat etishingiz mumkin.

Hurmatli va aziz fermerlar, dehqonlar hamda tomorqa yer egalari!

Sizlarni hurmatli Yurtboshimizning yuksak ishonchini oqlab, mamlakatimiz ravnaqi va farovonligiga munosib hissa qo‘shish uchun “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida faol ishtirok etib terak, tut, tok va boshqa daraxt ko‘chatlari ekishga chaqiramiz!

Bu bilan siz xalqimizga xos ezgu fazilatlarga o‘zingizning munosib hissangizni qo‘shgan bo‘lasiz! Zero, nafaqat hovli va uylarimiz mana shu, mahalla, shahar va mana shu vatan ham o‘zimizniki. Uning ozodaligi va ko‘rkamligiga barchamiz mas’ulmiz.

Vatanimiz obodligiga o‘z hissamizni qo‘shaylik!

        

 

Izoh qoldirish

Sayt haqida firingiz?

  • Hozir saytda
  • 6 ta foydalanuvchi hozir saytda
  • Valyuta kurs