Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Termiz tumani hokimligi
Iqtisodiy sud hujjatlarini ijro etish - muhim bosqich

Adolat davlatchilikning mustahkam poydevoridir. Adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashda esa sud hokimiyati hal qiluvchi o‘rinni egallaydi - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev

 

Huquqiy davlatning asosiy belgilaridan biri bu - davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi. Davlatning ushbu funksiyasi esa inson huquq va erkinliklari himoyachisi bo‘lgan sud organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Sud hokimiyati qarorlarining so‘zsiz ijro etilishini ta’minlash, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladigan odil sudlovni qaror toptirish borasida amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining asosiy yo‘nalishlaridan biri bu – sud qarorlarini ijro etishning samarali tizimini yaratish hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 134-moddasi mazmuniga binoan, sud tomonidan qabul qilinadigan hujjatlar qat’iy hisoblanadi va O‘zbekiston Respublikasi butun hududida bajarilishi majburiydir.

Milliy qonunchiligimizda har kimga buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun uning ishi qonunda belgilangan muddatlarda vakolatli, mustaqil hamda xolis sud tomonidan ko‘rib chiqilishi huquqi kafolatlangan ekan, ushbu huquqiy kafolat shaxsning nafaqat sudga murojaat etish, adolatli sud muhokamasi orqali himoyalanish huquqini, balki sud muhokamasi natijasiga ko‘ra qabul qilingan sud hujjatining ijro etilishini ta’minlash huquqini ham o‘z ichiga oladi.

Butunjahon sud ijrochilarining xalqaro tashkiloti (UIHJ)ning “World Justice Project” xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan yuritiladigan dunyo mamlakatlarining 2023 yildagi “Huquq ustuvorligi” indeksining 7.6-omili – O‘zbekiston sud qarorlarini amalda ijro etilishi samaradorligi va o‘z vaqtida bajarilishi bo‘yicha reytingida 142 ta davlat ichida 74-o‘rinni egallab kelmoqda.  Bu esa sud qarorlarini ijro etish mexanizmlarini takomillashtirish, ularning tashkiliy-huquqiy asoslarini xalqaro darajada mustahkamlash, sud qarorlari ijrosini tashkil etish samaradorligini oshirishni talab etmoqda.

Sud hujjati ijroga qaratilishining muhim sharti uning qonuniy kuchga kirishi hisoblanadi. Darhaqiqat, sud hujjatlarining real ijrosi ta’minlanmas ekan, odil sudlov o‘z mazmun-mohiyatini yo‘qotadi, sud hujjatining esa oddiy qog‘ozdan farqi qolmaydi. Aynan shu jihati bilan ushbu bosqich huquq tizimida muhim o‘rinni egallaydi.

Umumiy qoidaga ko‘ra, sudning odil sudlov faoliyatini yakunlash, chiqariladigan sud hujjatlari ijrosini ta’minlash vazifasi ijro ishini yuritish orqali amalga oshiriladi va yakuniga yetkaziladi.

Ta’kidlash lozimki, sud hujjatlari ijrosini ta’minlamay turib, qonun ustuvorligi, huquqiy demokratik jamiyat hamda odil sudlov haqida so‘z yuritib bo‘lmaydi. Bu borada yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasining 138-moddasida: sud hokimiyatining hujjatlari barcha davlat organlari va boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar hamda fuqarolar uchun majburiyligi mustahkamlangan. Xuddi shuningdek, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 10-moddasiga ko‘ra, qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolar uchun majburiydir hamda O‘zbekiston Respublikasining butun hududida ijro etilishi shart. Sud hujjatini ijro etmaslik qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Mazkur qonun normalarining amalda bajarilmasligi, aniqroq aytadigan bo‘lsak, sud hujjatlarining ijrosi ta’minlanmasligi nafaqat sud hokimiyatining nufuziga, balki mamlakatimizda fuqarolarning, shuningdek tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga, bu borada bugungi kunda izchillik bilan olib borilayotgan sud-huquq islohotlarining samaradorligiga putur yetkazishi mumkin. Zero, shaxs o‘zining buzilgan huquqi yuzasidan tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishi, keyinchalik esa ushbu organ yoki sud tomonidan mazkur holat yuzasidan qonuniy qaror qabul qilinishi bilan murojaat muallifining buzilgan huquqi tiklanib qolmaydi. Bu bilan uning buzilgan huquqini tiklashga qaratilgan dastlabki protsessual qaror qabul qilingan bo‘ladi, xolos. Aksariyat hollarda murojaatning zamirida shaxsga nisbatan yetkazilgan mulkiy zararni undirish yotadi. Shunga ko‘ra, u buzilgan huquqi yuzasidan murojaat qilgan paytdan e’tiboran o‘ziga yetkazilgan zararni to‘liq qaytarib olguniga qadar amalga oshiriladigan har qanday protsessual harakatlar yoki qabul qilinadigan qarorlar, ushbu qaror qabul qilish sud yoki boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organdan qanchalik mashaqqatli mehnat talab qilmasin, uning uchun katta ahamiyat kasb etmaydi. Shaxs uning foydasiga qabul qilingan qaror ijrosi ta’minlangandagina, sud yoki boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ orqali butun bir davlatga bo‘lgan ishonchi ortadi, o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlari davlatning mustahkam himoyasida ekaniga amin bo‘ladi.

Sud hujjati – bu sud hokimiyatining odil sudlovni amalga oshirishdan iborat faoliyati mahsuli bo‘lib, uning ushbu hujjatdagi xohish-irodasini ifodalaydi.

O‘zbekiston Respublikasi IPK 5-moddasida iqtisodiy sud hujjatlari qatoriga hal qiluv qarori, ajrim, qaror va sud buyrug‘i shaklidagi sud hujjatlari kiritilgan. Birinchi instansiya sudi ishni mazmunan ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha hal qiluv qarori qabul qiladi.

Apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibidagi shikoyatlar (protest)ni ko‘rish natijalari bo‘yicha ushbu instansiyalar sudlari qaror qabul qiladilar. Qonunchilik bilan iqtisodiy sudlarning vakolatiga berilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qaror qabul qilinadi.

Kreditorning so‘zsiz talablariga doir arizalarni ko‘rish natijasi bo‘yicha iqtisodiy sudlar sud buyrug‘i chiqaradi.

Ish mazmunan hal etilmasdan qabul qilinadigan sud hujjatlari ajrimlar shaklida chiqariladi.

Iqtisodiy protsessual kodeksining 15-moddasiga muvofiq, sud hokimiyatining hujjatlari barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiydir. Sud hujjatlari umummajburiyligining xususiyati uning davlat hokimiyatining majburlov kuchini bildiradi.

O‘zbekiston Respublikasi IPKning 335-moddasiga ko‘ra, ijro varaqasiga biroz boshqacharoq ta’rif berilgan bo‘lib, unga binoan sud tomonidan berilgan, undiruvchining sud hujjatini majburiy tartibda ijro ettirish huquqini tasdiqlovchi hujjat – ijro varaqasi hisoblanadi.

Shuningdek, IPK talabiga binoan, sud hujjati bo‘yicha bitta ijro varaqasi beriladi, bundan mazkur Kodeksda nazarda tutilgan hollar mustasno.

Agar sud hujjatini ijro etish turli joylarda yoxud bir nechta undiruvchi foydasiga amalga oshirilishi kerak bo‘lsa, sud undiruvchilarning iltimosiga ko‘ra ijro etish joyi yoxud sud hujjatining ushbu ijro varaqasi bo‘yicha ijro etilishi lozim bo‘lgan qismini ko‘rsatgan holda bir nechta ijro varaqasini beradi.

Pul summalarini bir necha javobgardan undirish to‘g‘risidagi sud hujjati asosida javobgarlarning soni bo‘yicha bir nechta ijro varaqasi beriladi. Bunda, agar solidar javobgarlardan undirish nazarda tutilayotgan bo‘lsa, har bir ijro varaqasida undiruvning umumiy summasi ko‘rsatilishi va solidar javobgar ekanligi ko‘rsatilgan holda javobgarlarning hammasi sanab o‘tilishi kerak.

Ijro varaqasi sud hujjatini qabul qilgan sud tomonidan beriladi. Sud hujjati qonuniy kuchga kirganidan so‘ng besh kun ichida ijro varaqasi undiruvchiga beriladi yoki uning iltimosnomasiga ko‘ra davlat ijrochisiga ijro etish uchun yuboriladi. Budjetga mablag‘larni undirish uchun ijro varaqasi qarzdor turgan joydagi davlat ijrochisiga sud hujjati qonuniy kuchga kirganidan so‘ng besh kun ichida yuboriladi.

Ijro varaqasi elektron hujjat tarzida yuborilishi mumkin.

Bundan tashqari, iqtisodiy sud ijro hujjati sud tomonidan nizoni ko‘rib chiqib, hal etishning “mahsuli” bo‘lib hisoblanganligi bois, uning ijro etilishi – qabul qilingan sud hal qiluv qarorining kuchini, uni qabul qilgan sudning esa vakolati va rolini aks ettiradi. Shu asnoda ta’kidlash joizki, hal qiluv qarorini rasmiylashtirishda sudyaga qanday mas’uliyat va talab yuklatilsa, ijro hujjatini rasmiylashtirishda ham mazmun, aniqlik, muddatga rioya etish kabi talablar belgilanadi. 

Shunday ekan, iqtisodiy sud ijro hujjatining maqsadi sud qarorida qarzdor zimmasiga yuklatilgan majburiyatning to‘liq bajarilishini ta’minlash orqali undiruvchining huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, buzilgan huquq tiklanishi orqali shaxsning sud himoyasini kafolatlash hisoblanadi.

Termiz tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi Botirjon Abdullayev

Izoh qoldirish

Sayt haqida firingiz?

  • Hozir saytda
  • 11 ta foydalanuvchi hozir saytda
  • Valyuta kurs