Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida, avvalo, O‘zbekistonda demokratik o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirishning 7 ta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.
Ushbu ustuvor yo‘nalishlardan biri majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berishdir.
Ayni paytda O‘zbekiston bolalar mehnati va majburiy mehnatning barcha shakllariga barham berish borasida tashlagan amaliy qadamlar ijobiy samara bermoqda. Bu boradagi yutuqlarimizni xalqaro jamoatchilik olamshumul yangilik sifatida baholamoqda.
Yurtimizda bolalar mehnati hamda majburiy mehnatga barham berish borasidagi tizimli ishlar tufayli yildan-yilga muvaffaqiyatga erishilmoqda. Xususan, 2020-yilda O‘zbekiston hukumati Xalqaro mehnat tashkiloti bilan birgalikda amalga oshirgan monitoringlar bo‘yicha ijobiy xulosa olingach, xorijiy biznes vakillari ishtirokida O‘zbekistonda investitsiya muhiti kengaya boshlaganini ko‘rish mumkin.
12-iyun – Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurashish kuni dunyoning boshqa mamlakatlari qatori O‘zbekistonda ham har yili nishonlanadi. Ushbu kunni belgilash g‘oyasi 1997-yil Amsterdam va Osloda bo‘lib o‘tgan konferensiyalar qarorlari negizida tug‘ilgan. 2002-yili Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) tomonidan mazkur sana, ya’ni 12-iyun – Bolalar mehnatiga qarshi kurashish kuni, deb rasman e’lon qilingan. Ushbu tadbirlar bolalar mehnatini bartaraf etish uchun global sa’y-harakatlarni amalga oshirish zarurligiga jamoatchilik e’tiborini qaratdi.
XMT tomonidan majburiy mehnatga jalb qilingan bolalar 3 toifaga ajratilgan. Birinchi toifa – bolalar mehnatining eng yomon shakllari xalqaro miqyosda qullik, bolalar savdosi, qullik mehnati va majburiy mehnatning boshqa shakllari, bolalarni qurolli to‘qnashuvlarda, fohishabozlik va pornografiya maqsadlarida, shuningdek, boshqa noqonuniy faoliyatda ishlatish uchun majburiy ishga olish.
Ikkinchi toifa – ushbu turdagi ishlar uchun belgilangan eng kam yoshga to‘lmagan bola (milliy qonunchilikka va qabul qilingan xalqaro normalar asosida) tomonidan bajariladigan mehnat shu tariqa bolaning ta’lim olishiga va uning har tomonlama rivojlanishiga to‘sqinlik qilishi mumkin.
Uchinchi toifa – bolaning jismoniy, aqliy yoki axloqiy farovonligini va rivojlanishini xavf ostiga qo‘yadigan ish yoki uning xarakteri tufayli yoxud u amalga oshiriladigan sharoitlar tufayli “xavfli va zararli ish”, deb nomlanadi.
Bolalar mehnati muammolarini hal qilishda jamoatchilikni xabardor qilish hamda safarbar etish maqsadida shu kunga qadar ko‘plab mamlakatlarda davlat va nodavlat tashkilotlar hamda muassasalar tomonidan turli tadbirlar o‘tkaziladi. Rasmlar ko‘rgazmalari, yangi saytlar taqdimotlari, ommaviy aksiyalar, sport musobaqalari, bolalar bayramlari, spektakllar shular jumlasidandir.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham bolalar mehnatiga qarshi kurashish borasida sezilarli ishlar amalga oshirildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi, jumladan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi sa’y-harakatlari bilan bolalar mehnatiga to‘liq barham berildi.
XMT bilan faol hamkorlik natijasida mazkur xalqaro tashkilotning “Bolalar mehnatining eng yomon shakllariga barham berish va taqiqlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 182-konvensiyasi ratifikatsiya qilingan.
Xulosa qilib aytganda, davlatimiz rahbari Jenevadagi chiqishida "Bolalar mehnatiga barham berish xalqaro yili", deb e’lon qilingan joriy yilda O‘zbekistonda Bolalar Ombudsmani to‘g‘risidagi qonun qabul qilinishiga jahon hamjamiyati e’tiborini qaratgani to‘g‘risida ta’kidlar ekan, bu shuni anglatadiki, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berishda qonun asosida kutilgan maqbul natijalarga erishamiz.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tuman sudi raisi Sh.Xasanov
© Termiz tumani hokimligi veb-saytlari 2025