So‘nggi paytlarda boshqa sohalar singari iqtisodiyot tarmoqlarida yuz berayotgan shiddatli o‘zgarish va keng ko‘lamli islohotlar ushbu sohadagi munosabatlarning ham sezilarli darajada oshganligini ko‘rsatadi.
Xalq xo‘jaligida kundan-kunga oshib borayotgan ushbu munosabatlarni, ayniqsa tadbirkorlik sub’ektlari ishtirokidagi ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishda, xo‘jalik shartnomalarining ham o‘ziga xos o‘rnini inkor etib bo‘lmaydi, albatta.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1-moddasida nazarda tutilgan fuqarolik qonunchiligining asosiy negizlari – bu fuqarolik qonunchiligi ular tomonidan tartibga solinadigan munosabatlar ishtirokchilarining tengligini e’tirof etishga, mulkning daxlsizligiga, shartnomaning erkinligiga, xususiy ishlarga biron-bir kishining o‘zboshimchalik bilan aralashishiga yo‘l qo‘yilmasligiga, fuqarolik huquqlari to‘sqinliksiz amalga oshirilishini, buzilgan huquqlar tiklanishini, ularning sud orqali himoya qilinishini ta’minlash zarurligiga asoslanadi.
Fuqarolar va yuridik shaxslar o‘z fuqarolik huquqlariga o‘z erklariga muvofiq ega bo‘ladilar va bu huquqlarini o‘z manfaatlarini ko‘zlab amalga oshiradilar. Ular shartnoma asosida o‘z huquq va burchlarini belgilashda va qonunchilikka zid bo‘lmagan har qanday shartnoma shartlarini aniqlashda erkindirlar.
Mazkur kodeksning 8-moddasi ikkinchi qismining 1-bandiga ko‘ra, qonunda nazarda tutilgan shartnomalar va boshqa bitimlardan, shuningdek garchi qonunda nazarda tutilgan bo‘lmasa-da, lekin unga zid bo‘lmagan shartnomalar va boshqa bitimlar fuqarolar va yuridik shaxslarning huquq hamda majburiyatlarining vujudga kelish asoslaridan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining 1998 yil 29 avgustda qabul qilingan «Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida»gi Qonuni bozor iqtisodiyoti sharoitida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar o‘rtasida vujudga kelayotgan mazmunan yangi iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishda hamda shartnoma intizomini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, shartnomalar tuzish tajribasiga yetarlicha ega bo‘lmagan kichik va o‘rta biznes sub’ektlari, xususiy tadbirkorlarning iqtisodiy aloqalarini mustahkamlash, turli xil ta’minotchi, tayyorlovchi monopol korxona va tashkilotlar bilan shartnomaviy munosabatlarda ularning huquq hamda manfaatlarini himoya qilishda ushbu Qonunning tutgan o‘rni beqiyosdir.
Iqtisodiy sudlar faoliyatida ko‘p uchraydigan shartnomaviy munosabatlardan kelib chiquvchi nizolarning qonuniy hal etilishini ta’minlashda mazkur Qonun asosiy huquqiy manbalardan biri sifatida xizmat qilmoqda.
Qonunning 3-moddasiga binoan,
1.Shartnomalar turlari / Xo‘jalik shartnomasi]
araflardan biri shartlashilgan muddatda tadbirkorlik faoliyati sohasida tovarlarni berish, ishlarni bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish majburiyatini oladigan, ikkinchi taraf esa tovarlarni, ishlarni, xizmatlarni qabul qilib olish va ularning haqini to‘lash majburiyatini oladigan kelishuv xo‘jalik shartnomasi deyiladi.
Ta’kidlash lozimki, shartnoma tuzish ixtiyoriy bo‘lib, tomonlarning erki-irodasiga bog‘liq. Biroq, ayrim hollarda qonunda shartnoma tuzish majburiy bo‘lgan holatlar ham o‘rnatilgan. Xususan, ommaviy shartnoma
(FKning 358-moddasi), dastlabki shartnomada nazarda tutilgan asosiy shartnoma (FKning 361-moddasi), kim oshdi savdosida g‘olib chiqqan shaxs bilan tuzilgan shartnoma (FKning 379-moddasi), davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasi (FKning 457-459-moddalari) va h.k.
IPK 26-moddasining 1-bandiga muvofiq, tuzilishi qonunda nazarda tutilgan shartnoma yuzasidan kelib chiqqan kelishmovchiliklar yoki shartnoma yuzasidan chiqqan bo‘lib, hal etish uchun iqtisodiy sudga topshirish haqida taraflar o‘zaro kelishgan ixtiloflar hal etish uchun sudga topshirilishi mumkin. Shartnoma tuzish bir taraf uchun qonunga ko‘ra majburiy bo‘lgan va taraflar o‘rtasida shartnomani tuzishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan hollarda FKning 377-moddasida ko‘rsatilgan qoidalar majburiy tartibda qo‘llaniladi. Bunda shuni e’tiborga olish lozimki, da’vo talablari nafaqat butun shartnomaga, balki uning ayrim shartlariga ham tegishli bo‘lishi mumkin. Da’vogar da’vo ariza tuzishga majbur etilgan shartnoma loyihasini ilova qilishi shart.
Qonunning 12-moddasiga muvofiq, xo‘jalik shartnomasi, qoida tariqasida taraflardan birining oferta (shartnoma tuzish haqida taklif) yo‘llashi va ikkinchi taraf uni akseptlashi (taklifni qabul qilishi) yo‘li bilan tuziladi.
Agar taraflar o‘rtasida shartnomaning barcha muhim shartlari bo‘yicha kelishuvga erishilgan bo‘lsa, xo‘jalik shartnomasi tuzilgan deb hisoblanadi.
Xo‘jalik shartnomasi tuzilgandan so‘ng, uning amal qilishi ham muhim kategoriyalardan biridir. Xo‘jalik shartnomasi tuzilgan paytidan boshlab kuchga kiradi va taraflar uchun majburiy bo‘lib qoladi.
Taraflar o‘zlari tuzgan xo‘jalik shartnomasining shartlarini ularning shartnoma tuzilishidan oldin vujudga kelgan munosabatlariga nisbatan qo‘llaniladi deb belgilab qo‘yishga haqlidirlar.
Xo‘jalik shartnomasining amal qilish muddati tugashi taraflarni uni buzganlik uchun javobgarlikdan ozod etmaydi.
Ta’kidlash lozimki, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar o‘rtasidagi nizolarning sudgacha hal etilishida talabnomalar ham yetakchi rol o‘ynaydi. IPK 148-moddasining ikkinchi qismiga ko‘ra, agar qonunda muayyan toifadagi nizolar uchun sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibi belgilangan yoxud bu tartib shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa, faqat taraflar o‘zaro munosabatlarini ixtiyoriy ravishda hal qilish choralarini ko‘rganlaridan keyingina sudda ish qo‘zg‘atilishi mumkin. Bunday tartib, xususan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, Soliq kodeksi, Havo kodeksi, «Temir yo‘l transporti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilab qo‘yilgan. Nizolarni sudgacha hal etish (talabnoma yuborish) tartibi da’vogar uchun faqat qonun va shartnomada belgilangan hollarda majburiy hisoblanadi.
Agar shartnomada taraflar tomonidan kelib chiqqan nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish haqidagi shart nazarda tutilgan bo‘lsa, ammo nizoni hal etish tartibi belgilanmagan bo‘lsa, bu holda nizoni talabnoma yuborish yo‘li bilan hal etish tartibi majburiy hisoblanmaydi. Basharti shu toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibi nazarda tutilgan bo‘lsa, prokuror, davlat organlari va boshqa shaxslar tomonidan da’vogarlar manfaatida da’vo arizalari sudga taqdim etilishidan oldin ham ushbu tartibga rioya qilinishi kerak.
Qonunning 17-moddasida talabnoma bildirish tartibi belgilangan bo‘lib, huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan xo‘jalik yurituvchi sub’ekt mazkur huquq va manfaatlarni buzgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektga nisbatan talabnoma bildirishga haqlidir.
Talabnoma yozma shaklda bildiriladi.
Talabnoma xo‘jalik yurituvchi sub’ektning rahbari yoki rahbarning o‘rinbosari tomonidan imzolanib, buyurtma yoki qimmatli xat tarzida, telegraf, teletayp orqali, shuningdek talabnoma jo‘natilganligini qayd etadigan, qabul qilib oluvchini ogohlantiradigan boshqa aloqa vositalaridan foydalanilgan holda jo‘natiladi yoxud tilxat olib topshiriladi.
O‘ziga talabnoma bildirilgan xo‘jalik yurituvchi sub’ekt talabnomani olgan kundan boshlab o‘n besh kunlik muddat ichida unga javob qaytarishi shart.
Talabnomaga javob ham huddi shu tartibda yo‘llanadi.
Agar talabnomani tan olish to‘g‘risidagi javobda tan olingan summa o‘tkazilishi haqida ma’lumot bo‘lmasa, talabnoma bildirgan taraf javob olingandan so‘ng yigirma kun muddat o‘tgach, bank muassasasiga qarzdor tan olgan summani so‘zsiz tartibda o‘tkazish to‘g‘risidagi farmoyishni taqdim etishga haqli. Farmoyishga qarzdorning javobi ilova qilinadi.
Taraf rad (qisman rad) javobini olgan taqdirda yoki talabnomaga belgilangan muddatda javob olmagan taqdirda, shuningdek xo‘jalik shartnomalari yuzasidan talabnoma bildirmay ham iqtisodiy sudga da’vo arizasi berishi hamda sud buyrug‘ini olish uchun ariza taqdim etishi mumkin. Mazkur arizalarni taqdim etish tartibi O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga ko‘ra belgilanadi.
Qonunning 5-bo‘limi “Shartnoma majburiyatlarini buzganlik uchun javobgarlik” deb nomlangan bo‘lib, unda xo‘jalik shartnomalarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun javobgarlik choralari belgilangan.
Jumladan, 24-moddada xo‘jalik shartnomalarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun taraflarning javobgarligi nazarda tutilgan bo‘lib, taraflardan biri shartnoma majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda, bu taraf:
boshqa tarafga yetkazilgan zararni to‘laydi;
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida, ushbu Qonunda, o‘zga qonunchilik hujjatlarida va shartnomada nazarda tutilgan tartibda boshqacha tarzda javobgar bo‘ladi.
Agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqa tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, xo‘jalik shartnomalarini bajarmaganlik va lozim darajada bajarmaganlik uchun ushbu Qonunning 25-32-moddalarida nazarda tutilgan javobgarlik choralari qo‘llaniladi.
Xususan, Qonunning 25-moddasida tovarlarni yetkazib berish muddatlarini kechiktirib yuborganlik, to‘liq yetkazib bermaganlik, ishlarni bajarmaganlik yoki xizmat ko‘rsatmaganlik uchun javobgarlik
Tovarlarni yetkazib berish muddatlari kechiktirib yuborilgan, to‘liq yetkazib berilmagan, ishlar bajarilmagan yoki xizmatlar ko‘rsatilmagan hollarda, tovar yetkazib beruvchi (pudratchi) sotib oluvchiga (buyurtmachiga) kechiktirilgan har bir kun uchun majburiyat bajarilmagan qismining 0,5 foizi miqdorida penya to‘laydi, biroq bunda penyaning umumiy summasi yetkazib berilmagan tovarlar, bajarilmagan ishlar yoki ko‘rsatilmagan xizmatlar bahosining 50 foizidan oshib ketmasligi lozim. Penyani to‘lash shartnoma majburiyatlarini buzgan tarafni tovarlarni yetkazib berish muddatlarini kechiktirib yuborish, to‘liq yetkazib bermaslik, ishlarni bajarmaslik yoki xizmatlarni ko‘rsatmaslik oqibatida yetkazilgan zararni qoplashdan ozod etmaydi.
Shuningdek, Qonunning 32-moddasida tovarlar (ishlar, xizmatlar) haqini to‘lamaganlik yoki o‘z vaqtida to‘lamaganlik uchun javobgarlik belgilangan bo‘lib, to‘lov talabnomasi akseptini asossiz ravishda butunlay yoki qisman rad etganlik, shuningdek hisob-kitobning boshqa shakllarida tovarlar (ishlar, xizmatlar) haqini to‘lashdan bosh tortganlik (bank muassasasiga to‘lov topshiriqnomasini taqdim etmaganlik, chek bermaganlik, akkreditivni taqdim etmaganlik va hokazo) uchun sotib oluvchi (buyurtmachi) mahsulot yetkazib beruvchiga o‘zi to‘lashni rad etgan yoki bosh tortgan summaning 15 foizi miqdorida jarima to‘laydi.
Yetkazib berilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) haqini o‘z vaqtida to‘lamaganlik uchun sotib oluvchi (buyurtmachi) yetkazib beruvchiga o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun kechiktirilgan to‘lov summasining 0,4 foizi miqdorida, ammo kechiktirilgan to‘lov summasining 50 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorida penya to‘laydi.
Qonun bilan shartnoma intizomini buzganlik uchun boshqa javobgarlik choralari ham belgilangan. Asosiysi, Qonun talabiga binoan, neustoyka (jarima, penya) to‘laganligidan qat’i nazar, shartnoma majburiyatlarini buzgan taraf ikkinchi tarafga ana shu zarar oqibatida o‘zi yetkazgan zarar qismini ham qoplaydi.
Yetkazilgan zararlarga shartnoma majburiyatlari bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi, mol-mulk yo‘qolishi yoki shikastlanishi munosabati bilan taraf qilgan yoki qilishi lozim bo‘lgan xarajatlar, shuningdek agar ikkinchi taraf shartnoma majburiyatlarini bajarganida taraf olishi mumkin bo‘lgan, lekin ololmay qolgan daromadlar kiradi.
Muddatini o‘tkazib yuborish yoki shartnoma majburiyatlarini o‘zgacha tarzda lozim darajada bajarmaslik hollari uchun belgilangan neustoykani (jarimani, penyani) to‘lash hamda shartnoma majburiyatlarini lozim darajada bajarmaslik oqibatida yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash, taraflarni majburiyatni asl holida bajarishdan ozod etmaydi, qonunchilikda va shartnomada nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Qayd etish lozimki, majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik choralarini qo‘llashda neustoyka avvalo, majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik oqibatida yetkazilgan zararni qoplash uchun qo‘llaniladi. Shu sababli, bu toifadagi ishlarni ko‘rishda shartnoma majburiyatlarini buzganlik oqibatida kreditorga yetkazilgan zarar miqdorini aniqlanadi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, shartnoma tuzildimi, uni bajarish lozim.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz sudi sudya yordamchisi O.Alixanov
© Termiz tumani hokimligi veb-saytlari 2024