Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Termiz tumani hokimligi
Konstitutsiyaviy islohotlar o‘z mazmun-mohiyati bilan “inson – jamiyat – davlat” degan tamoyilga asoslangan

Yangilangan Konstitutsiya jamiyatimiz hayotining barcha yo‘nalishlarini kompleks tartibga solish hamda mamlakatimizni demokratik rivojlantirish yo‘lida eng muhim huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Konstitutsiyaga kiritilgan yangi normalar barcha sohalarni taraqqiy ettirishga, shu jumladan, davlat hokimiyatining yanada samarali tashkil qilinishiga yordam beradi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga 27 ta yangi modda kiritilib, moddalar soni 128 tadan 155 taga oshdi. Konstitutsiyamizning amaldagi 275 ta normasi 434 taga ko‘paydi, ya’ni amaldagi Konstitutsiya 65 foizga yangilandi.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarga qadar davlat budjeti ochiqligi va uning ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish haqida gap-so‘z bo‘lishi ham mumkin emas edi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev amalga oshirgan islohotlar natijasida budjet ochiqligini ta’minlashga qaratilgan amaliy ishlar qilindi. Bir qator hujjatlar qabul qilindi. Fuqarolar nafaqat davlat budjeti ustidan nazorat o‘rnatmoqda, balki mablag‘larni sarflashda ham ishtirok etmoqda.

Yangilangan Konstitutsiyaning 148-moddasida O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetini shakllantirish hamda ijro etish tartib-taomillari ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida amalga oshirilishi, shuningdek fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining shakllantirilishi hamda ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi kabi yangi norma bilan huquqiy mustahkamlandi.

Konstitutsiyaga kiritilayotgan ushbu modda odamlar budjet qanday shakllanishi, qanday sarflanishi ustidan nazorat o‘rnata olishlariga xizmat qiladi. Bu nimasi bilan muhim?

Ko‘pchilik odamlarda davlat yoki mahalliy budjetlar qanday shakllanishi haqida umumiy tasavvur ham yo‘q. “Davlatning puli” deb ataladigan ushbu mablag‘lar aslida xalqning o‘zi to‘lagan soliqlar evaziga yig‘ilgan pullardir. Tabiiyki, xalq o‘z puli qanday va qaerga sarflanayotgani ustidan nazorat qilishga haqqi bor. Kiritilgan ushbu modda aynan mana shu huquqni kafolatlaydi.

Mahallada mavjud bo‘lgan muammolarni hal etish bo‘yicha ayrim murojaatlarga tegishli mansabdor shaxslar tomonidan “rejaga kiritildi, moliyalashtirish bo‘lsa bajaramiz” degan javoblar berilishi hech kimga sir emas. Ushbu javoblarni olgan fuqarolar mahalladagi muammolar yechimini yillab kutib turardi. Shunday holatlarni keskin ravishda oldini olish maqsadida yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga budjetga oid alohida yangi modda kiritildi.

Eng avvalo, davlat budjetini shakllantirish hamda ijro etish tartib-taomillari ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida amalga oshirilishi belgilandi. Xususan, Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari, soliq va budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari loyihalari, Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining xulosalarini joylashtirishni nazarda tutuvchi “Ochiq budjet” axborot portali ishga tushirildi.

Ochiq budjet – bu fuqarolarning turli darajadagi budjetlar to‘g‘risida tushunishlari uchun mavjud bo‘lgan ma’lumotlarni shakllantirishga qaratilgan davlat siyosati.

Alohida qayd etish joizki, fuqarolarning budjet jarayonida ishtirok etish tartibi ham paydo bo‘ldi. Ya’ni tashabbusli budjet – aholining tashabbuslarini hisobga olgan holda budjet mablag‘larining muayyan bir qismini sarflash bo‘yicha ularning bevosita ishtirokida qarorlar qabul qilish hamda qabul qilingan qarorlarning amalga oshirilishini kuzatish amaliyoti joriy etildi.

Ushbu amaliyot orqali aholi o‘zini qiynayotgan muammolar, shu jumladan mahalladagi muammolar (yo‘llar, bolalar maydonchalar va h.k.) budjetga kiritish va ularni tezlik bilan hal qilish imkoni yaratildi.

Ma’lumki, Tashabbusli budjet loyihalari butun dunyo bo‘yicha keng tarqalgan bo‘lib, jahonda 7000 dan ortiq shaharlarda qo‘llanilib kelinmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Ochiq budjet” davlat siyosati, budjet ustidan jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirish va bu borada to‘liq axborot olish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 22 avgustdagi “Budjet ma’lumotlarining ochiqligini va budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Davlat budjetiga oid axborotlarni joylashtirishni nazarda tutuvchi “Ochiq budjet” portali ishga tushirildi. 2019 yildan boshlab budjet mablag‘larini taqsimlashda fuqarolar ishtirokining tuman va shaharlar budjetlari qo‘shimcha manbalarining kamida 10 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yo‘naltirishni nazarda tutadigan mexanizm joriy etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 13 apreldagi “Budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2021 yil 1 iyuldan boshlab jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga ajratiladigan tuman (shahar)lar budjetlari qo‘shimcha mablag‘larining eng kam miqdorini 10 foizdan 30 foizga oshirish belgilandi.

Fuqarolar “Ochiq budjet“ axborot portalida takliflarni kiritish va ovoz berish orqali o‘zlarining fikriga ko‘ra, mahalliy budjetlar mablag‘larining qo‘shimcha manbalari hisobidan moliyalashtirishga yo‘naltirish kerak bo‘lgan tadbirlarni aniqlaydilar. Mazkur mexanizm fuqarolarni davlat moliyasini boshqarishga jalb qilishda amaliy instrument hamda eng quyi bo‘g‘inda ”Ochiq budjet” portali orqali ilgari surilgan g‘oyalarni amalga oshirishda muhim hisoblanadi. Jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni amalga oshirish budjet to‘g‘risidagi ma’lumotlarga nafaqat milliy darajada, balki mahalliy darajada ham talab yuqori ekanligini ko‘rsatadi.

Takliflarni qoldirish uchun jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan budjet loyihasi tashabbuskori “Ochiq budjet” portalida (openbudget.uz) ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Tashabbusli budjetlashtirish yoki partisipator budjetlashtirish – bu aholining budjet mablag‘larining aniq qismlarini sarflash maqsadida tashabbuslarni ilgari surishi orqali mahalliy boshqaruvda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etishidir.

Tashabbusli budjetlashtirish – bu mahalliy ahamiyatdagi masalalarni budjetni jamoatchilik fikri asosida shakllantirishga asoslangan holda budjet mablag‘larini sarflash ob’ektlarini aniqlash va tanlashda, shuningdek tanlangan loyihalarning amalga oshirilishini bevosita fuqarolar ishtirokida nazorat qilish orqali hal qilishning turli-tuman amaliyotlari jamlamasidir.

Tashabbusli budjetlashtirish – hududiy jamoatchilikning, fuqarolik jamiyati institutlarining va ayrim fuqarolarning o‘z aholi punktlarini rivojlantirish yo‘llarini belgilashdagi ishtiroki miqyosining o‘sishining global tendensiyaning bir qismi hisoblanadi. Har bir mamlakatda fuqarolarni jalb etish turli yo‘llar bilan amalga oshiriladi, ammo hamma joyda asosiy maqsad fuqarolarning budjet mablag‘larini sarflash bo‘yicha qaror qabul qilish jarayonida faol ishtirok etishidir. Bu, ayniqsa, qabul qilinayotgan qarorlar bevosita hududiy jamoatchiliklarga aloqa bo‘lganida muhimdir.

Bundan tashqari, tashabbusli budjetlashtirish loyihalari budjet xarajatlari ro‘yxatiga fuqarolarni o‘ylantirayotgan dolzarb muammolarni hal etishga qaratilgan aniq loyihalarni tezkor kiritish imkonini beradi. Fuqarolar muammolarini budjet va boshqaruv jarayoni doirasida hal qilishning an’anaviy yo‘li uch yildan kam bo‘lmagan muddatni talab etsa, tashabbusli budjetlashtirishda bu jarayon deyarli ikki barobarga qisqaradi.

Voyaga yetgan barcha O‘zbekiston fuqarolari o‘zlarining aholi punktlarini obodonlashtirish va boshqa masalalarni hal qilishga qaratilgan budjetni jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan loyihalarni ilgari surish huquqiga ega.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tuman sudi raisi Sh.Xasanov

Izoh qoldirish

Sayt haqida firingiz?

  • Hozir saytda
  • 14 ta foydalanuvchi hozir saytda
  • Valyuta kurs