Majburiyat – fuqarolik huquqiy munosabati bo‘lib, unga asosan bir shaxs (qarzdor) boshqa shaxs (kreditor) foydasiga muayyan harakatni amalga oshirishga: mol-mulkni topshirish, ishni bajarish, xizmatlar ko‘rsatish, pul to‘lash va hokazo yoki muayyan harakatdan o‘zini saqlashga majbur bo‘ladi. Majburiyatni buzganda javobgarlik qanday bo‘ladi?
1. Qarzdor o‘z majburiyatini bajarmaslik natijasida yetkazilgan zararni to‘lashi lozim
Qarzdor majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi tufayli kreditorga yetkazilgan zararni to‘lashi shart.
Zararni aniqlashda majburiyat bajarilishi kerak bo‘lgan joyda, qarzdor kreditorning talablarini ixtiyoriy qanoatlantirgan kunda, talab ixtiyoriy qanoatlantirilgan bo‘lmasa, – da’vo qo‘zg‘atilgan kunda mavjud bo‘lgan narxlar e’tiborga olinadi.
Sud vaziyatga qarab, zararni to‘lash haqidagi talabni qaror chiqarilgan kunda mavjud bo‘lgan narxlarni e’tiborga olgan holda qanoatlantirishi mumkin.
Boy berilgan foydani aniqlashda kreditor tomonidan uni olish uchun ko‘rilgan choralar va shu maqsadda ko‘rilgan tayyorgarliklar hisobga olinadi.
2. Neustoyka va zararni undirish
Majburiyatni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun neustoyka belgilangan bo‘lsa, zararning neustoyka bilan qoplanmagan qismi to‘lanadi.
Qarzdor majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdipda kreditorga to‘lashi shart bo‘lgan pul summasi neustoyka hisoblanadi.
Qonunda yoki shartnomada quyidagilar belgilanishi mumkin:
zararni emas, balki faqat neustoykani undirib;
zararni ham neustoykadan tashqari to‘la hajmda undirib olish;
neustoyka yoki zararni undirib olish.
3. Neustoykani kamaytirish tartibi va asoslari
To‘lanishi lozim bo‘lgan neustoyka kreditorning majburiyatini buzish oqibatlariga nomutanosibligi ko‘rinib tursa, sud neustoykani kamaytirishga haqli.
Bunda qarzdor majburiyatni qay darajada bajarganligi, majburiyatda ishtirok etayotgan taraflarning mulkiy ahvoli, shuningdek kreditorning manfaatlari e’tiborga olinishi kerak.
Sud alohida hollarda qarzdor va kreditorning manfaatlarini hisobga olib, kreditorga to‘lanishi lozim bo‘lgan neustoykani kamaytirish huquqiga ega.
4. Pul majburiyatini bajarmaganlik uchun foizlar to‘lanadi
Boshqa shaxslarning pul mablag‘larini g‘ayriqonuniy ushlab qolish, ularni qaytarib berishdan bosh tortish, ularni to‘lashni boshqacha tarzda kechiktirish yoxud boshqa shaxs hisobidan asossiz olish yoki jamg‘arish natijasida ulardan foydalanganlik uchun ushbu mablag‘lar summasiga foiz to‘lanishi kerak.
Foizlar miqdori kreditor yashaydigan joyda, kreditor yuridik shaxs bo‘lganida esa, uning joylashgan yerida pul majburiyati yoki uning tegishli qismi bajarilgan kunda mavjud bo‘lgan bank foizining hisob stavkasi bilan belgilanadi.
Qarz sud tartibida undirib olinganida sud kreditorning talabini da’vo qo‘zg‘atilgan kundagi yoki qaror chiqarilgan kundagi bank foizining hisob stavkasiga qarab qondirishi mumkin.
5. Aybning yo‘qligi majburiyatni buzgan shaxs tomonidan isbotlanadi.
Qarzdor aybi bo‘lgan taqdirda majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchunjavob beradi.
Qarzdor majburiyatni lozim darajada bajarish uchun o‘ziga bog‘liq bo‘lgan hamma choralarni ko‘rganligini isbotlasa, u aybsiz deb topiladi.
Aybning yo‘qligi majburiyatni buzgan shaxs tomonidan isbotlanadi.
Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan shaxs majburiyatni lozim darajada bajarishga yengib bo‘lmaydigan kuch, ya’ni favqulodda va muayyan sharoitlarda oldini olib bo‘lmaydigan vaziyatlar (fors-major) tufayli imkon bo‘lmaganligini isbotlay olmasa, javobgar bo‘ladi.
Majburiyatni qasddan buzganlik uchun javobgarlikni bartaraf qilish yoki cheklash to‘g‘risidagi avvaldan kelishilgan bitim u tuzilgan paytdan boshlab haqiqiy emas.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Termiz tumanlaro sudi sudyasi R.Tillayev
© Termiz tumani hokimligi veb-saytlari 2024