Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Termiz tumani hokimligi
SPORT SOHASIDA KORRUPSIYaNING OLDINI OLISh MUHIM VAZIFA

Korrupsiyaga qarshi kurash mamlakatimizda davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylanib ulgurdi.  Buni so‘nggi yillarda sohaga oid qabul qilingan konseptual ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan ma’muriy islohotlar misolida ham ko‘rish mumkin. Eng avvalo, shuni ta’kidlash lozimki, korrupsiyaga qarshi kurashning sifat va son jihatidan mutlaqo yangi darajaga ko‘tarilishi davlatimiz rahbari Sh.M.Mirziyoevning siyosiy irodasi mahsuli bo‘lib, muxtaram Prezidentimizning jamiyatni “halollik vaksinasi bilan emlash” zarurati haqidagi fikrlari bu boradagi ishlarga qo‘yilgan tamal toshi desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Zero, muxtaram yurtboshimiz 2020 yil 24 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qilgan Murojaatnomasida ta’kidlaganidek, “jamiyatimizda korrupsiya illati o‘zining turli ko‘rinishlari bilan taraqqiyotimizga g‘ov bo‘lmoqda. Bu yovuz baloning oldini olmasak, haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib bo‘lmaydi, umuman, jamiyatning birorta tarmog‘i rivojlanmaydi”.

Ikkinchidan, ushbu sohadagi normativ-huquqiy bazani tizimli ravishda takomillashtirib borish choralari ko‘rilmoqda. Fikrimizning isboti o‘laroq, “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, shuningdek ushbu yo‘nalishdagi boshqa turli qonunosti hujjatlarining qabul qilinganini keltirish mumkin.

Uchinchidan, ushbu sohada maxsus vakolatli davlat organi - Korrupsiyaga qarshi kurash Agentligining tashkil etilishi korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi davlat siyosatining institutsional asoslarining takomillashtirilishiga zamin yaratdi.   

To‘rtinchidan, mamlakatda davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Beshinchidan, korrupsion holatlarning oldini olish va ularni bartaraf etishning muhim jihatlaridan biri – davlat boshqaruvi tizimida “inson omili”ni kamaytirish uchun davlat va jamiyat boshqaruviga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish yo‘lga qo‘yildi.

Oltinchi sabab - korrupsiyaga qarshi kurash xalqaro tajriba va huquqning tegishli normalarini mamlakat qonunchiligi va amaliyotiga implementatsiya qilish bilan birgalikda olib borilayotganligi bilan bog‘liq. Jumladan, Korrupsiyaga qarshi kurash Agentligining tashkil etilishi ham O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan BMTning Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risidagi Konvensiyasining tegishli moddalari, shuningdek xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash amaliyotidagi “Jakarta prinsiplari”ning mamlakatimizdagi implementatsiyasiga yaqqol misol bo‘la oladi.

Yettinchidan, korrupsiyaga qarshi murosasiz muhitni yaratish jamoatchilikning keng ishtirokida amalga oshirilayotganligi jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tizimi tubdan takomillashtirilganligi, Prezidentning Xalq va Virtual qabulxonalari, “Ishonch telefonlari”, “Virtual qabulxonalari” tashkil etilganligi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash maqsadida barcha darajadagi rahbarlarning “sayyor qabullari” o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilganligi bilan chambarchas bog‘liq.

Albatta, sohada amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami maqtovga loyiq, biroq hali o‘z yechimini kutayotgan masalalar ham yo‘q emas.

Xususan, keyingi yillarda mamlakatimizda sportni ommalashtirish, sport turlarini yanada rivojlantirish va sport infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, hozirgi vaqtda mazkur sohadagi qonun hujjatlariga sportdagi korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan yangi normalarni kiritish zaruriyati yuzaga kelmoqda.

Shu bois, joriy yilning 4 noyabrida O‘zbekiston Respublikasining “Sport sohasida korrupsiyaning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.

Ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olganligi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lganligi, shuningdek sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarini pora evaziga og‘dirib olganligi uchun javobgarlikni belgilovchi normalar kiritildi.

Jumladan, JKning 2141-moddasiga binoan sport musobaqalari natijalarini yoki ularning borishini qasddan o‘zgartirish maqsadida sportchining, trenerning, sport hakamining yoxud sport musobaqalari boshqa ishtirokchilarining va tashkilotchilarining ular bajarishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora evaziga og‘dirib olayotgan shaxs manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoxud bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lganligi, ushbu Kodeksning 210 va
214-moddalarida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmaganda, ushbu modda orqali jinoiy javobgarlikka tortilishi belgilandi.

Ushbu moddaning ikkinchi qismida o‘sha harakatlar:

a) takroran;

b) ko‘p miqdorda;

v) tamagirlik yo‘li bilan;

g) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, og‘irlashtiruvchi holat sifatida javobgarlik chorasi og‘irrog‘i bilan almashtirilishi belgilandi.

Shuningdek, mazkur harakatlar:

a) juda ko‘p miqdorda;

b) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi nazarda tutildi.

Shuningdek, JKning 2142-moddasiga ko‘ra sport musobaqalari natijalarini yoki ularning borishini qasddan o‘zgartirish maqsadida sportchiga, trenerga, sport hakamiga yoxud sport musobaqalarining boshqa ishtirokchilari va tashkilotchilariga ular bajarishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora evaziga og‘dirib olayotgan shaxs manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoxud bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar berish yoki ularni mulkiy manfaatdor etish uchun jinoiy javobgarlikni belgilaydi.

O‘sha harakatlar:

  1. a) takroran;
  2. b) ko‘p miqdorda;
  3. v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar:

  1. a) juda ko‘p miqdorda;
  2. b) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Agar moddiy qimmatliklar bergan yoki mulkiy manfaatdor etgan shaxsga nisbatan moddiy qimmatliklar yoki mulkiy manfaat so‘rab tovlamachilik qilingan bo‘lsa va ushbu shaxs jinoiy harakatlar sodir etilganidan keyin bu haqda o‘ttiz sutka ichida o‘z ixtiyori bilan arz qilsa, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lsa va jinoyatni ochishda faol yordam bergan bo‘lsa, u javobgarlikdan ozod etilishi nazarda tutildi.

E’tirof etish joizki, Qonun milliy qonunchiligimizni zamonaviy xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda takomillashtirishga, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga, sport sohasidagi jinoyatlarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga, shuningdek respublikamizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

Termiz tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi Botirjon Abdullaev

 

 

Izoh qoldirish

Sayt haqida firingiz?

  • Hozir saytda
  • 3 ta foydalanuvchi hozir saytda
  • Valyuta kurs