Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Termiz tumani hokimligi
Termiz tuman hokimi o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘ining Ma’rifat Rasulovaning MUROJAATNOMASI

Qadrli oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tizimi mas’ullari, hurmatli jamoatchilik tuzilmalari a’zolari, aziz viloyatimiz ahli, muhtarama opa-singillarimiz!

Yaxshi xabardorsiz, Davlatimiz Rahbari tomonidan oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, gender tenglik tamoyillarini qaror toptirish, ona va bola sog‘ligini saqlash, ayollarni kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli, dunyoga ko‘rsatsak arziydigan islohotlar yo‘naltirilmoqda.

Joriy 2024-yilda ushbu yo‘nalishlarda bizning Termiz tumanida ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Biroq, bu yutuqlarimiz – kamchiliklar va muammolarning ta’sirini yetarlicha kamaytira olmayapti. Hali ko‘p ishlar bajarilishi, natijasi xalqimizni rozi va xursand qilishi lozim!

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tizimdagi barcha mas’ullarga, xotin- qizlar faollari, ichki ishlar vazirligi tizimidagi xotin qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlar, mahallalarimizdagi katta kuch bo‘lgan jamoatchilik tuzilmalari, turli komissiyalar a’zolari, jumladan “Oqila ayollar harakati” faollari, “Ayol ma’rifati” jamoatchilik kengashi a’zolari va barcha-barchaga murojaat qilib, oila va xotin-qizlar yo‘nalishidagi muammolarni bartaraf etishga, yangi yutuqlarga erishish yo‘lida yanada jipslashishga, mas’uliyatni chuqur his qilishga chaqiradi!

Qadrli tizim mas’ullari!

Bugun globalizatsiyaning sovuq ta’siri sabab atrofimizda tinchligimizga, qadriyatlarmizga tahdid solib turgan muammolar ko‘p, jumladan:

- oilaviy ajrimlar qayd etilayotgani, ajrim hollarida asosan ayollar va bolalar jabr ko‘rayotgani;.

- tazyiq va zo‘ravonlikka uchrayotgan xotin-qizlarimiz, yosh kelinchaklarimiz mas’ul tashkilotlarga emas, ijtimoiy tarmoqlarga ko‘proq suyanayotgani;

- erta turmush, erta tug‘ruq, qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh kabi illatlarni oldini olish ishlari lozim darajada olib borilmayotgani;

- ishsizlik, daromad kamligi sabab yurtdoshlarimiz xorijiy davlatlarga ketishi, ya’ni migratsiya oqibatida oila birdamligiga putur yetayotgani;

- mahalla “yettiligi” ba’zi hollarda aholi muammolarini o‘zaro jipslikda hal etishga erisha olmayotgani sabab, aholi murojaatlarining ortib borayotgani kabi holatlar afsuski, bor gap!

Shu boisdan Bosh vazir o‘rinbosari-oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayxo Mahkamova tizim mas’ullari oldiga “Kelayotgan 2025-yilda biz qanday harakat qilsak, natijalarimiz samarali, yuqoridagi kabi muammolarimiz kamroq bo‘ladi?” degan haqli savolni qo‘ydilar.

Azizlar!

Men oila va xotin-qizlar qo‘mitasining Termiz tumani yetakchisi sifatida barcha mas’ullarimizni, yordamchi jamoatchilik kuchlarimizni, shuningdek, aziz xalqimizni, ayollarimizni yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tahlil etib, istiqboldagi vazifalarni belgilab olishga chaqiraman!

Biz jipslashib, birlashib shunday hamkorlik o‘rnataylikki, birorta ayol e’tiborsiz qolmasin! Biror bir ayol tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr chekmasin! Qizlarimiz, ayollarimiz zulmga ko‘nmaslikka, jamiyatga, mas’ul tashkilotlarga suyanishga o‘rgansinlar!

Har bir fuqaromiz, ayniqsa ayollarimiz muammolarini “mahalla yettiligi” yechib berishiga ishona olsinlar!

Shunday fidoyilik bilan ish yuritaylikki, muhtaram Prezidentimizning insonni, oilani asrash borasidagi islohotlari ro‘yobga chiqsin! Ya’ni, ajrim yoqasiga kelib qolib, atrofdan najot kutayotgan oilalar, bir-biridan yuz o‘girayotgan yaqinlar o‘rtasidagi uzilay deb turgan rishtalar qayta bog‘lansin!

Bizning faoliyatimiz oilaviy ajrimlardan jabr chekayotgan farzandlarimizning jajji yurakchalariga malham bo‘lsin! Ota yo onasini tanlolmay sud zallarida biz kattalardan najot kutib turgan farzandlarimiz taqdiriga tamg‘a bosmaslikka, yurtimizda sog‘lom, ibratli, ziyoli oilalar ko‘payishiga hissa bo‘lib qo‘shilsin!

Davlatimiz Rahbari aytganlaridek, o‘g‘il-qizlarimizni jismoniy va ma’naviy barkamol etib tarbiyalash, ularni milliy g‘urur, Vatanga muhabbat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida voyaga yetkazish barchamizning asosiy burchimizga aylansin!

Biz ma’naviy tarbiya ishlarini endi mutlaqo yangicha usullarda, avvalo oiladan, mahalladan boshlaylik va bu yo‘lda “Ezgulik – shiorimiz, ma’rifat – qurolimiz” degan g‘oya yo‘lchi yulduzimiz bo‘lsin!

Bizning xonadonlarga kirib borishimiz, o‘z vazifamizni sitqidildan bajarishimiz natijasida aziz opa-singillarimiz, oilada farzand tarbiyasida yetakchi bo‘lib, o‘qituvchi va murabbiylar bilan ko‘proq muloqot qilib, farzand va nabiralarimizning o‘qishi, davomati masalasi, axloq-odobi bilan qiziqsinlar!

Bizning targ‘ibot ishlarimiz natijasida muhtarama opa-singillarimiz, duogo‘y onaxonlarimiz o‘zlarining mas’uliyati – aynan tarbiya masalasida yaqqol namoyon bo‘lishini anglab yetsinlar!

Hurmatli hamkasblar, Qadrli yurtdoshlar!

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tizimi, xususan Termiz tumanining bugungi hisobot yig‘ilishida barchangizni kelayotgan 2025-yilda:

- Davlat rahbarining 2024-yil noyabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining birinchi majlislarida so‘zlagan nutqlaridagi g‘oyalarni hayotga tadbiq etishga;

- 2025-yilda amalga oshiriladigan ustuvor yo‘nalishlarni aniq va real belgilab, barcha vazifalarni og‘ishmasdan fidoyilik bilan ado etishga;

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining yaqin hamkorlariga, targ‘ibotchilariga, yordamchilariga aylanib, ulkan natijalarga erishishga chorlab qolaman!

Tizim va uning hamkorlari, yordamchi kuchlari nomidan ishontirib aytamanki, 2025-yilda Termiz tumanidagi har bir ayol baxt-u saodati, har bir oila farovonligi, farzandlarimiz ta’limi uchun kurashamiz!

Oila va ayol-qizlarimizning turmush tarzini yaxshilash, oilasi bag‘rida huzur-halovatli yashashi uchun yo‘naltirilgan har bir islohotni, topshiriqni sitqidildan sifatli bajaramiz!

Barchani ezgu maqsad yo‘lida yanada yaqinroq birlashishga, xalqimiz farovonligi yo‘lida jipslashishga, fidoyi bo‘lishga chorlayman!

E’tiboringiz uchun rahmat!

Izoh qoldirish

Sayt haqida firingiz?

  • Hozir saytda
  • 5 ta foydalanuvchi hozir saytda
  • Valyuta kurs