Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Termiz tumani hokimligi
Haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasi va boshqa o‘xshash shartnomalardan farqli jihati

So‘nggi paytlarda boshqa sohalar singari iqtisodiyot tarmoqlarida yuz berayotgan o‘zgarish va keng ko‘lamli islohotlar ushbu sohadagi shartnomaviy munosabatlarning ham sezilarli darajada oshganligini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 8-moddasiga ko‘ra, qonunda nazarda tutilgan shartnoma va boshqa bitimlar fuqarolar va yuridik shaxslarning huquq hamda majburiyatlarining vujudga kelish asoslaridan biri hisoblanadi.

Shartnomalar turlari / Haq evaziga xizmat ko‘rsatish

Haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasi bo‘yicha ijrochi buyurtmachining topshirig‘i bilan ashyoviy shaklda bo‘lmagan xizmatni bajarish (muayyan harakatlarni qilish yoki muayyan faoliyatni amalga oshirish), buyurtmachi esa bu xizmat uchun haq to‘lash majburiyatini oladi.

Mazkur moddaning birinchi qismi FK 81-moddasiga ko‘ra fuqarolik huquqining ob’ektlari hisoblangan xizmatlarning muomalasini nazarda tutadi. Haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasi bo‘yicha ijrochi buyurtmachiga natijasi ashyoviy shaklda bo‘lmagan xizmatni ko‘rsatadi. Natijada haq evaziga xizmat ko‘rsatish hech qanday moddiy shakl kasb etmaydi. Ashyoviy shaklning mavjud emasligi bilan xizmatlar pudrat shartnomasida amalga oshiriladigan va natijdasi moddiy shaklga ega bo‘lgan ishlardan farq qiladi.

Xizmat ko‘rsatishning mohiyati quyidagi ikki shaklda ifodalanadi:

A) ma’lum harakatlarni amalga oshirish. Bunda qoidaga ko‘ra bir martalik xususiyatga ega bo‘lgan xizmat ko‘rsatish nazarda tutiladi. Masalan, sartaroshlik.

B) ma’lum faoliyatni amalga oshirish. Ayni vaziyatda ko‘p martalik yoki uzoq muddatga mo‘ljallangan xizmat ko‘rsatish nazarda tutiladi. Masalan, telefon aloqasi xizmatini ko‘rsatish.

Mazkur shartnomada taraflar sifatida buyurtmachi va ijrochi ishtirok etadi. Buyurtmachi – tegishli xizmatlarni qabul qiluvchi shaxs, ijrochi esa – xizmat ko‘rsatuvchi shaxsdir. Shu bilan birga, qonunchilik ayrim xizmatlarni ko‘rsatishda cheklashlarni ham nazarda tutmoqda. Masalan, telefon aloqasi xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxsda tegishli faoliyat litsenziyasi bo‘lishi lozim. Xizmat ko‘rsatishning litsenziya talab qilinadigan turlarini faqat maxsus faoliyat uchun litsenziyaga ega bo‘lgan shaxslargina amalga oshirishlari mumkin. Litsenziya talab qilinadigan faoliyat turlarining ro‘yxati esa “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan tasdiqlangan bo‘lib, bugungi kunda ushbu faoliyat turlari 60 taga yetdi.

Ushbu bobning qoidalari aloqa xizmati, tibbiyot, veterinariya, auditorlik, maslahat, axborot xizmatlari, ta’lim berish, sayyohlik xizmati va boshqa xizmatlar ko‘rsatish shartnomalariga tatbiq etiladi. Ushbu Kodeksning
37, 39, 40, 43, 44, 45, 46, 48, 49 va 51-boblarida nazarda tutilgan shartnomalar bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar bundan mustasno.

Bundan tashqari, muhokama qilinayotgan FK 38-bobi bilan emas, balki FKning tegishli boshqa boblari, ya’ni pudrat shartnomasi (37 bob), Yo‘lovchi, bagaj va yuk tashish shartnomasi (39-bob), Transport ekspeditsiyasi (39-bob), Bank omonati shartnomasi (43), Bank hisob-varag‘i shartnomasi (44-bob), Hisob-kitoblar (45-bob), Topshiriq shartnomasi (46-bob), Vositachilik shartnomasi (48-bob), Mol-mulkni ishonchli boshqarish (49-bob), Omonat saqlash shartnoma (51-bob)lari bilan tartibga solinadi.

FK 704-moddasiga binoan haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasida boshqa ko‘rsatmalar bo‘lmasa, ijrochi shartnomada nazarda tutilgan xizmat (xizmatlar)ni shaxsan o‘zi ko‘rsatishi shart. Unga ko‘ra, mazkur qoida haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasining o‘ziga xos xususiyatini ko‘rsatgan holda, shartnoma bo‘yicha majburiyat uchinchi shaxs zimmasiga yuklanishi mumkin emas. Alohida hollarda, agar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilgan hollar mustasno.

Shuningdek, FK 705-modda talabiga ko‘ra buyurtmachi o‘ziga ko‘rsatilgan xizmatlar haqini haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasida ko‘rsatilgan muddatlarda va tartibda to‘lashi shart.

Ijrochi o‘zi aybdor bo‘lmagani holda xizmatni bajara olmagan taqdirda buyurtmachi ijrochiga uning xarajatlarini to‘lashi shart, bunda ijrochining xizmat (xizmatlar) ko‘rsatishdan ozod qilinishi munosabati bilan olgan yoki olishi mumkin bo‘lgan foydasi chegirib qolinadi. Buyurtmachining aybi bilan xizmatni bajarish mumkin bo‘lmay qolgan taqdirda, agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, xizmatlar bahosi butunlay to‘lanishi kerak.

Ta’kidlash joizki, qonunchilikda turli xizmatlarga haq to‘lash bilan bog‘liq ma’lum normalar mavjud. Masalan, mobil aloqa xizmatini ko‘rsatish Qoidalarining 44-bandiga binoan mobil aloqa xizmati uchun haq to‘lash naqd pulda yoki naqd pulsiz, shuningdek avans yoki hisob-kitobning kredit shaklida amalga oshirilishi mumkin.

Mazkur moddaning ikkinchi qismida ijrochining aybi bo‘lmagan holda, shuningdek buyurtmachining aybiga ko‘ra majburiyatni bajarish mumkin bo‘lmagan hollarda xizmatga haq to‘lash tartibi belgilangan.

Bunda, agar bajarib bo‘lmaslik na ijrochi, va na buyurtmachi javob bermaydigan holatlar bo‘yicha vujudga kelgan bo‘lsa, bunday hollarda buyurtmachi ijrochiga uning xizmat ko‘rsatish uchun qilgan haqiqiy xarajatlarini to‘lashi lozim. Bunda ijrochining xizmat ko‘rsatishdan ozod qilinishi munosabati bilan olgan yoki olishi mumkin bo‘lgan foydasi bunday harajatlar sirasiga kirmaydi. Shuningdek, agar bajarib bo‘lmaslik buyurtmachining aybi bilan bo‘lgan bo‘lsa, xizmatlar bahosi butunlay to‘lanishi kerak.

706-moddasida haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasini buzganlik uchun ijrochining javobgarligi belgilangan bo‘lib, ijrochi haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasini umuman yoki tegishli darajada bajarmagan hollarda u keltirilgan zararni buyurtmachiga batamom to‘lashi shart, lekin bu to‘lov shartnomada nazarda tutilgan xizmatlar bahosining ikki baravaridan ortiq bo‘lishi mumkin emas. Ya’ni, ushbu moddaning birinchi qismida ijrochi javobgarligining maksimal miqdori shartnomada nazarda tutilgan xizmatlar bahosining 2 barobari bilan cheklab qo‘yilgan.

Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish vaqtida ijrochi majburiyatini umuman yoki tegishli darajada bajarmagan hollarda haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasida ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgandan kuchaytirilgan javobgarlik nazarda tutilishi mumkin.

706-moddaning  ikkinchi qismida ijrochi sifatida tadbirkor javobgarligining o‘ziga xos xususiyatlari yoritilgan bo‘lib, unga ko‘ra agar ijrochi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish vaqtida haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasini buzsa, shartnomaga ko‘ra kuchaytirilgan javobgarlik nazarda tutilishi mumkin.

FK 707-moddasida haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasini bekor qilish tartibi nazarda tutilgan bo‘lib, buyurtmachi xizmatlarning belgilangan bahosini batamom to‘lash sharti bilan haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasini bekor qilishni talab qilishga haqli, shartnoma ijrochining aybli harakatlari tufayli bekor qilingan hollar bundan mustasno.

Bunda buyurtmachi va ijrochining shartnoma va uning shartlarini bajarishni rad etish huquqi hamda u yo‘l qo‘yiladigan shartlarni belgilaydi. Qayd etish lozimki, mazkur qoida shartnomani bajarishdan bosh tortish, taraflar tomonidan o‘z majburiyatlarini buzish bilan bog‘liq bo‘lmagan holda qo‘llaniladi.

Mazkur qoida buyurtmachi ijrochiga shartnomada ko‘rsatilgan xizmatlarning to‘liq bahosini to‘laganda, shartnomani bekor qilish huquqini nazarda tutadi. Buyurtmachi shartnomani xizmatlar ko‘rsatilishidan oldin, shuningdek bevosita xizmat ko‘rsatilayotgan vaqtda ham bekor qilishi mumkin. Bunda sharhlanayotgan modda belgilangan bahoni to‘lash jarayonida rad qilinishi mumkinligini anglatmaydi.  

Ijrochi shartnoma bekor qilinishi tufayli buyurtmachiga yetkazilgan zararning hammasini to‘lash sharti bilangina haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasini bekor qilishni talab qilishga haqli, shartnoma buyurtmachining aybi bilan bekor qilingan hollar bundan mustasno.

FK 708-moddasida haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasini huquqiy jihatdan tartibga solish deb nomlanib, o‘xshash bo‘lganligi bois, pudrat to‘g‘risidagi umumiy qoidalar va maishiy pudrat to‘g‘risidagi qoidalar ushbu bobning qoidalariga zid bo‘lmasa, haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasiga nisbatan qo‘llanadi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomalari keng tarqalgan shartnoma turlaridan biri bo‘lib, boshqa xo‘jalik shartnomalaridan o‘zining natijasi ashyoviy shaklda bo‘lmagan xizmatni bajarishdan iboratligi bilan ajralib turadi.  

Termiz tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi Botirjon Abdullayev

Izoh qoldirish

Sayt haqida firingiz?

  • Hozir saytda
  • 7 ta foydalanuvchi hozir saytda
  • Valyuta kurs