Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Termiz tumani hokimligi
Qanday hollarda jazoni yengilroq turga almashtirish mumkin?

Jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish – insonparvarlik tamoyillariga asoslangan huquqiy institut bo‘lib, u mahkumlarni tuzalish yo‘liga rag‘batlantirish va ularning ijtimoiy reabilitatsiyasini ta’minlashga xizmat qiladi. O‘zbekiston qonunchiligida bu jarayon turli huquqiy mexanizmlar orqali tartibga solinadi, jumladan, shartli ozod qilish, jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish, afv etish, amnistiya va jazoni o‘tash sharoitlarini yumshatish.

Jinoyat kodeksining 74-moddasida ozodlikdan mahrum etilgan, ozodligi cheklangan yoki axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan shaxslarga nisbatan sud jazoning o‘talmagan qismini yengilroq jazo bilan almashtirishi mumkin deya belgilab qo‘yilgan. Jazoni yengilrog‘iga almashtirish jazo turlari uchun o‘rnatilgan tartib-qoida talablarini bajargan va mehnatga halol munosabatda bo‘lgan mahkumga nisbatan qo‘llanilishi mumkin.

Bular:

- ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyati uchun sud tayinlagan jazo muddatining kamida to‘rtdan bir qismini;

- og‘ir jinoyati uchun, shuningdek qasddan sodir etgan jinoyati uchun, agar u ilgari qasddan sodir yetgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan bo‘lsa, sud tayinlagan jazo muddatining kamida yarmini;

- o‘ta og‘ir jinoyati uchun, sud tayinlagan jazo muddatining kamida uchdan ikki qismini haqiqatda o‘tab bo‘lganidan keyin qo‘llanilishi mumkin.

Xuddi shu kodeksning 73-moddasida bu huquqdan kimlar foydalana olmasligi haqida belgilab qo‘yilgan. Jazo muddatidan oldin shartli ozod qilingan yoki jazosi yengilrog‘i bilan almashtirilgan va jazoning o‘talmagan qismi mobaynida qasddan yangi jinoyat sodir etgan shaxslarga bunday huquq berilmaydi.

Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish chog‘ida sud asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, mahkumning zimmasiga quyidagi majburiyatlarni yuklatishi mumkin:

- ishga yoki o‘qishga joylashish;

- muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxsning yashash joyi, ish yoki o‘qish joyi o‘zgarganligi haqida uning xulq-atvori ustidan nazoratni amalga oshiruvchi organga xabar berish;

- muayyan joylarga bormaslik;

- alkogolizm, giyohvandlik, zaharvandlik yoki tanosil kasalligidan davolanish kursini o‘tash;

- O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga chiqmaslik.

Agar jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxs sud tomonidan o‘z zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni o‘talmagan jazo muddati davomida bajarmasa, sud uning xulq-atvori ustidan nazoratni amalga oshiruvchi organning taqdimnomasiga binoan uni jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilishni bekor qilish va o‘talmagan jazo muddatini o‘tashi haqidagi masalani ko‘rib chiqadi.

Jinoyat Ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyat sudi sudyasi I.Abrayev

Izoh qoldirish

Sayt haqida firingiz?

  • Hozir saytda
  • 13 ta foydalanuvchi hozir saytda
  • Valyuta kurs