Xodimlarga onalik, bolalarni parvarishlash, ta’lim olish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida, shuningdek boshqa ijtimoiy maqsadlarda beriladigan ta’tillar ijtimoiy ta’tillardir. Mehnat qonunchiligiga ko‘ra, xomiladorlik va tug‘ish ta’tillari, bola parvarishlash ta’tili, o‘quv ta’tili, ijodiy ta’tillar ijtimoiy ta’tillar sifatida baholanadi.
Ayolga tug‘ruqqacha yetmish kalendar kun hamda tug‘ruqdan keyin ellik olti kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoxud ikki yoki undan ortiq bola tug‘ilgan taqdirda yetmish kalendar kun) homiladorlik va tug‘ish ta’tili beriladi.
Bunda o‘rtacha oylik ish haqining yetmish besh foizidan kam bo‘lmagan miqdorda nafaqa to‘lanadi.
Homiladorlik va tug‘ish ta’tili ayolga jamlangan holda hisoblab chiqarilib, tug‘ruqqacha haqiqatda foydalanilgan kunlar sonidan qat’i nazar, to‘liq beriladi.
Ayolga uning xohishiga ko‘ra, bolasi uch yoshga to‘lguniga qadar uni parvarishlash uchun ish haqi saqlanmagan holda qo‘shimcha ta’til ham beriladi.
Bolani parvarishlash ta’tillari davrida xodimning ish joyi (lavozimi) saqlanadi. Bu ta’tillarning ko‘pi bilan olti yili mehnat stajiga qo‘shiladi, shu jumladan mutaxassisligi bo‘yicha ish stajiga ham qo‘shib hisoblanadi.
Kelgusidagi yillik mehnat ta’tilini olish huquqini beruvchi ish stajiga, agar jamoa shartnomasida, shuningdek tashkilotning ichki hujjatida yoxud mehnat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, bolani parvarishlash ta’tillari vaqti kiritilmaydi.
Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirayotgan xodimlar uchun ham o‘ziga xos kafolatlar taqdim etiladi. Kirish imtihonlarida ishtirok etishga ruxsat berilgan xodimlarga oliy ta’lim tashkilotlariga kirish imtihonlarini topshirish uchun kamida o‘n besh kalendar kun muddatga ish haqi saqlanmagan holda ta’til beriladi, ta’lim tashkilotlari joylashgan yerga borish va qaytib kelish vaqti bu hisobga kirmaydi.
Fuqarolik Ishlari bo‘yicha Termiz tumanlaro sudi sudyasi F.Allayarov
© Termiz tumani hokimligi veb-saytlari 2025