Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Termiz tumani hokimligi
Termiz tumanida qovun eksporti boshlandi

Termiz tumani respublikamizning eng janubiy tumani hisoblanib, o‘ziga xos iqlim sharoiti va vohaning eng issiq hududi bo‘lganligi sababli barcha qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yurtimizning boshqa joylariga nisbatan ertaroq chiqadi.

Bunga misol tumandagi “Nurmuhammad Maftuna” fermer xo‘jaligida har yili erta pishar poliz ekinlari ekilib, ichki bozorga va chet davlatlarga eksport qilib kelinadi. Bu yil ham fermer xo‘jaligi tomonidan 10 gektar yer maydonida qovunning hosildor erta pishar “Dakara” navi ekilgan bo‘lib, hozirda hosil yig‘ishtirish ishlari avj pallasida ketmoqda.

Har yili poliz mahsulotlarini yetishtirib, xalqimiz dasturxonlariga yetkazib berib kelmoqdamiz. Bu yil ham erta pishar qovun navini ekib, hosil yig‘ib olishni boshladik. Mavsum boshlangandan buyon bir kunda 8-10 tonna mahsulotni saralab yurtimiz bo‘ylab mahalliy bozorlarga va chet davlatlarga eksport uchun chiqarib kelmoqdamiz. Bu yil 10 gektar yer maydondagi polizimizdan 350 tonna qovun yig‘ib olishni rejalashtirganmiz – deydi “Nurmuhammad Maftuna” fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi Nurmuhammad Muxtorov.

Davlatimiz tomonidan yaratilgan sharoitlardan oqilona foydalangan shu kabi mirishkor dehqonlarimiz qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini erta bahordan yetishtirib, mahalliy bozorlarni sifatli meva-sabzavot va poliz mahsulotlari bilan ta’minlab kelishmoqda hamda yetishtirgan mahsulotlarini chet davlatlarga eksportga yo‘naltirib, qo‘shimcha daromadlarini ko‘paytirib borishmoqda.

Sovuqni sovuq, issiqni issiq demay tomorqada mehnat qilib, hosil yetishtirayotgan mirishkorlarimizning hosiliga baraka tilab, yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda mashaqqatli mehnatlari orqali qo‘shayotgan xissalari uchun minnatdorchilik bildiramiz.

Izoh qoldirish

Sayt haqida firingiz?

  • Hozir saytda
  • 8 ta foydalanuvchi hozir saytda
  • Valyuta kurs