Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Termiz tumani hokimligi
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tuman kengashi yig‘ilishi o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev raisligida 2025-yil 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu yig‘ilishda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi tahlil qilinib, bu borada hali yetarli natijalarga erishilmaganligi ta’kidlandi. Xususan, tarmoq va hududiy darajada korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlarning yetarlicha tashkil etilmagani natijasida korrupsion jinoyatlar sodir etilishining oldi olinmayotgani qayd etildi. Shu sababli, aholining davlatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, korrupsiyaviy xavflarni kamaytirish hamda ushbu yo‘nalishda tizimli ishlarni tashkil etish muhimligi alohida ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan tuman miqyosida ham korrupsiyaga qarshi kurashish choralari kuchaytirilib, tegishli kengash yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasining "Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida"gi Qonuni va "Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida"gi Qonuni talablari muhokama qilindi.

"Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida"gi Qonunning 3-moddasiga muvofiq, manfaatlar to‘qnashuvi shaxsning shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning lavozim yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatadigan yoki ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan holat sifatida belgilangan. Ushbu qonunning 8-moddasida davlat organlari yoki boshqa tashkilotlarning xodimlariga tijorat tashkilotlarining ta’sischisi (aksiyadori, ishtirokchisi) bo‘lish taqiqlanganligi belgilangan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 6-martdagi 103-son qaroriga asosan davlat hokimiyati va boshqaruv organlari hamda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlangan. O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 8-avgustdagi "Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida"gi Qonunining 13-moddasiga muvofiq, davlat fuqarolik xizmatchilarining tadbirkorlik faoliyati subyektlarini tashkil etishi, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishi, shuningdek, tadbirkorlik subyektida boshqaruv funksiyalarini bajarishi mumkin emasligi belgilangan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-oktabrdagi 595-son qarori bilan tasdiqlangan "Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari"ning 13-bandida davlat xizmatchilari ishdan tashqari vaqtda tadbirkorlik yoki haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanmasligi lozimligi qayd etilgan. Faqat pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanish bundan mustasno ekani belgilangan.

Yig‘ilishda tuman hokimining o‘rinbosarlari, tuman hokimligi bo‘lim va guruh rahbarlari, mutaxassislar, tumandagi korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdilar. Ular uchun korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish, ijro intizomiga rioya qilish, kelib tushgan barcha hujjatlarni o‘z vaqtida bajarish, ishlarni tizimli va samarali tashkil etish vazifasi belgilandi. Shuningdek, xizmat majburiyatlarini vijdonan bajarish hamda korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan rasman ogohlantirildi.

Mazkur yig‘ilish korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish, davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda davlat xizmatchilarining faoliyatini shaffof va qonuniy tashkil etish borasida muhim ahamiyat kasb etadi.

Izoh qoldirish

Sayt haqida firingiz?

  • Hozir saytda
  • 12 ta foydalanuvchi hozir saytda
  • Valyuta kurs